“Angren IES” AJda favqulodda vaziyatlar profilaktikasi oyligi doirasida amaliy-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Tadbirda korxonaning xavfsizlik texnikasi va ishonchlilik xizmati mutaxassislari, sexlar va bo‘limlar boshliqlari, shuningdek Toshkent viloyati FVB Davlat yong‘in xavfsizligi nazorati xodimlari ishtirok etdi. Mashqning maqsadi — yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirish, infratuzilma tayyorgarligini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Mashq davomida garnizon kuch va vositalari jalb etilib, shartli yong‘in holatida bajariladigan amaliy harakatlar bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazildi. Xodimlarga profilaktika oyligining mazmuni, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish zaruriyati va tezkor choralar ko‘rish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Mutaxassislar birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar o‘tkazdi.

Mashq yakunida natijalar tahlil qilinib, ob’ektning umumiy tayyorgarlik darajasi baholandi hamda taklif va tavsiyalar muhokama qilindi. Tadbir “Angren IES” AJda xavfsizlik madaniyatini oshirish va xodimlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

“Angren IES” AJ Matbuot xizmati