Energetika sohasida ishlash, albatta, mashaqqatli – ammo, sharafli ham. Bu kasbni tanlaganimdan hech ham afsuslanmayman. Mana 34 yildirki, shu sohada ishlab kelmoqdaman. Aniqrog‘i, kasbim hayotimning mazmuniga aylangan, - deydi IESwomen loyihasining galdagi mehmoni “Angren IES” AJ xodimasi Shoira Sotiboldiyeva.
Men, Toshkent viloyatining Angren shahrida dunyoga keldim. Oilada 9 nafar farzand bo‘lishimizga qaramay ota-onam har birimizga alohida e’tibor qaratishgan. Hozirda, erkaklar bilan bir safda ishlashimga ham oilamizdagi muhit sabab bo‘lsa kerak. Sababi, yaqinlarim mehnatsevar bo‘lishgan. Otamning “Mehnat, mehnatning tagi rohat” degan iboralari hali hamon yodimda.
1991-yili hayot yo‘lim ushbu stansiya bilan bog‘landi va shu davr mobaynida turli vazifalarda faoliyat olib borib, energetika kasbi orqali xalqimiz xonadonlariga nur ulashishdek sharafli kasb egasi bo‘ldim. Dastlab, elektr stansiyasining yoqilg‘i uzatish-ta’minot sexida yonilg‘i uzatish mashinisti, so‘ngra markazlashtirilgan ta’mirlash sexi apparatchisi va turbina sexi apparatchisi vazifalarida faoliyat olib bordim.
Men, bu stansiyada ulg‘aydim, desam ham adashmagan bo‘laman, chunki 20 yoshimdan buyon shu yerda o‘z ish faoliyatimni olib bormoqdaman hamda stansiyamizning ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shib kelmoqdaman, deya so‘znini yakunladi loyiha mehmoni Shoira Sotiboldiyeva.
“Angren IES” AJ Matbuot xizmati