Toshkent viloyati, Angren shahrida tug‘ilib, butun mehnat faoliyatini halollik, sadoqat va fidoyilik bilan o‘tkazib kelayotgan ayollarimizdan biri — Naratova Buvaysha Jumakulovna bugungi kunda “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatining markazlashtirilgan ta’mirlash sexida ko‘priksimon kran mashinisti sifatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

1972-yil 23-oktabrda tug‘ilgan Buvaysha opa o‘zining mehnat yo‘lini hali yoshlik chog‘laridanoq — 1989-yilda 12-Angren qurilish ta’mirlash boshqarmasida bo‘yoqchi sifatida boshlagan. O‘sha paytdan boshlab u ishlab chiqarishning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritib, har bir ish joyida o‘zining mas’uliyatliligi, intizomi va ishga bo‘lgan sadoqati bilan ajralib turgan.
Keyinchalik u “O‘zenergospetsremont” ishlab chiqarish korxonasida bo‘yoqchi, usta, omborchi lavozimlarida mehnat qilgan. Bu yillar davomida u o‘z kasbining barcha sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib, jamoada ishonchli va fidoyi mutaxassis sifatida tanilgan. 1999-yildan boshlab esa Buvaysha opa “O‘zbekenergo” DAK tarkibidagi “Angren issiqlik elektr stansiyasi”da faoliyatini davom ettirgan. U bu yerda ham o‘zining halolligi, mehnatsevarligi va sadoqati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayoni har kuni yuqori diqqat, aniqlik va javobgarlikni talab qiladi.
— Har bir ishimizda xavfsizlik va aniqlik muhim. Kran boshqarayotganda men nafaqat uskunani, balki butun jarayonni nazorat qilaman. Ishimning natijasi stansiya xavfsizligi, uskunalarning to‘g‘ri ishlashi va eng muhimi, odamlar hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, men uchun eng katta qadriyat — halollik va mas’uliyatdir, — deydi u.
Buvaysha Naratova o‘z kasbini chin dildan sevadi. Unga ko‘ra, insonning har bir harakati, mehnatga bo‘lgan e’tibori uning hayot falsafasini belgilaydi.
— Men har kuni ishga borar ekanman, o‘zimni xalq xizmatida deb bilaman. Chunki biz ishlab chiqargan energiya minglab xonadonlarni isitadi, uylarga yorug‘lik olib kiradi. Bu esa menga g‘urur bag‘ishlaydi, — deya ta’kidlaydi u.
Buvaysha opa mehnat jarayonida o‘z atrofidagilarga doimo ijobiy kayfiyat ulashadi. U yosh mutaxassislar uchun ustoz, tajribali hamkasblar uchun ishonchli tayanchdir. Uning tinimsiz mehnati, mas’uliyatli yondashuvi va sadoqati tufayli jamoa ichida hurmat qozongan.
Shu yillar davomida u o‘zining halol mehnati, mehr bilan bajarayotgan ishi orqali nafaqat o‘z jamoasiga, balki butun energetika sohasiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning hayoti, mehnatsevarligi va sadoqati yosh avlod uchun ibratdir.
— Insonning eng yuksak mukofoti — halol mehnat bilan yashashdir. Vaqt o‘tadi, avlodlar almashinadi, lekin halol mehnatning qadri abadiy qoladi, — deydi Buvaysha Naratova o‘z hayotiy falsafasini ifodalar ekan.
“IESwomen” loyihasi doirasida shunday fidoyi, mehnatsevar va vatanparvar ayollarimizni tanishtirish — barchamiz uchun faxrdir. Zero, ular o‘zining kundalik mashaqqatli mehnati bilan yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida tinmay xizmat qilmoqda.
“Angren IES” AJ Matbuot xizmati